Biz haqimizda
Bismillah, Vassolatu Vassalamu Ala Rosululillah, Sollallohu Alayhi Vassalama Va Baʼd. Assalamu Alaykum Va Rohmatullohi va Barokatuh!
Alloh Taolo Qur’onda: “فَلا تُزَكُّوا أَنفُسَكُمْ هُوَ أَعْلَمُ بِمَنِ اتَّقَى” “… o‘zingizni oqlamang, U (Alloh) kim taqvodorligini yaxshi biladigan zotdir” deb aytgan.
Ammo shunday bo‘lsa ham ilmni kimdan va qayerdan olayotganligimizni bilishimiz kerakligi sabab va ko‘pchilik musulmonlarning talablariga binoan birodarimiz Abu Hanifaning qisqacha tarjimai hollarini aytib o‘tamiz.
Ustozimiz Abu Hanifaning asl ismlari Komiljon bo’lib, Samarqand shahrida tavallud topganlar, hozirda AQSHda istiqomat qilib va taʼlim olib kelmoqdalar. Yoshlari 36 da bo‘lib 4 farzandning otasi bo’ladilar. Islom diniga 8-9 yoshlaridan qiziqib vatandagi madrasalarda oz muddat taʼlim olganlar. Arab tilini mukammal o‘rgana boshlayotgan va dinga bo‘lgan qiziqishlari o‘sib borayotgan bir paytda, diyorimizdagi baʼzi siyosiy o‘zgarishlar hamda atrof muhit ustozimiz va shu kishiga o‘xshash din yo‘lida taʼlim olayotgan anchagina yoshlarimizga salbiy taʼsir ko‘rsatmay qolmadi.
Umar roziyallohu anhu: “Johiliyat taʼmini totmagan inson Islom qadrini bilmaydi” deganlaridek, Abu Hanifa ham johiliyat taʼmini totib va unda ancha “peshqadamlardan” bo‘lganlar.
Sahih hadislarda kelganidek, rasululloh sollollohu alayhi va sallam: “Kishi birodarining dinidadir” degan sodiq ul amin bo‘lgan payg‘ambarimizning so‘zlari qanchalar haqligini Abu Hanifa ham o‘zlarining qisqa hayotlarida bilib olganlar. Alloh taolo bu birodarimizni har xil sinov imtihonlar sabab haq yo‘l, Ahli Sunna va Jamoa yo‘liga hidoyat qildi Alhamdulillah.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam aytganlaridek: .خياركم في الجاهلية خياركم في الإسلام إذا فقهوا” متفق عليه” “Johiliyatda yaxshi(sifatlarga ega) bo‘lganlaringiz Islom(ni tan olib unga taslim bo‘lgan)da ham yaxshiliklarda bo‘lasizlar agarda (Islom dinini mohiyatini tushunib ilm olib) faqih bo‘lsangizlar” degan mazmundagi (muttafaqun alayh) hadisga qattiq ishonib din yo‘lida sobitqadamlardan bo‘lishlarini Allohdan so‘rab ilm olish yo‘lida safar qilganlar.
Birodarimiz Abu Hanifa Ingliz tili va Tibbiyot sohasini mukammal o‘rganish maqsadida bir necha yillar oldin AQSHga safar qiladilar va u yerda dunyoviy ilmlar bilan bir qatorda Islomiy ilmlarni ham, dunyoning barcha chekkalaridan kelgan ahli ilmlardan o‘rgana boshlaydilar.
Bundan tashqari Abu Hanifa Qatarda asos solingan Islomiy Universitetda 6 yildan beri taʼlim olib kelmoqdalar. Alloh taolo u kishiga bergan baʼzi qobiliyatlarni O‘zining yo‘lida ishlatib va insonlarning hidoyatiga sababchi bo‘lish niyatidalar in sha Allah.
Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: “بلغوا عني ولو آية” “Mendan birgina oyat yodlab olgan bo‘lsangiz ham uni yetkazinglar” degan hadislariga rioya qilgan xolda, Allohning izni bilan Abu Hanifa va u kishining atrofidagi solih birodarlarning saʼy harakatlari bilan maʼruzalar, har haftalik silsila darslari, YouTube, Telegram, Facebook va ko‘pgina ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochilib ularda doimiy ravishda materiallar yuklab borish yo‘lga qo‘yildi, Alhamdulillah. O‘zlari Tojik millatiga mansub bo‘lsalar ham, bu yerdagi jamoatning sharoiti va iltimoslariga binoan darslarni O‘zbek tilida o‘tqazishga qaror qilganlar.
Ustozlari: Shayx, Doktor Bilal Abu Amina hafizahulloh, Alloma Shayx Nasuriddin rohimahullohning shogirdlari. Jomeada Misrlik, Yamanlik va Afrikalik bir nechta rabboniy ulamolardan Aqida, Qurʼon, Tafsir, Hadis, Arab tili va Islom tarixidan taʼlim olib kelyaptilar.
Abu Hanifa, shariat ilmini va o‘z vatanimizdagi urf-odatlarni chuqurroq biladigan tajribali bir necha O‘zbekistonlik ustozlar: Shayx ustoz Abdulatif Qori, Shayx Sodiq Samarqandiy, Shayx Abu Salmon Abdulhafiz Domla va boshqa ahli ilmlardan ham maslahat olib ish tutishni lozim deb biladilar. Bulardan tashqari Abu Hanifa o‘zlariga bir oyat yo birgina hadisni o‘rgatgan insonni ustoz deb biladilar.
U kishi 5 tilda gaplasha oladilar Alhamdulillah. Ko‘pincha Ingliz va Arab tillaridan o‘zbek tiliga maqolalarni tarjima qilib, ijtimoiy tarmoqlarga, veb sahifalarga taqdim qiladilar.
Ahli Sunna va Jamoatdagi 4 mazhab va undan boshqa fiqhiy mazhablarni, salaf solih ulamolarni tan olib hurmat qilib keladilar.
“Mevali daraxtga doim tosh otilar” degan hikmatli so‘zga binoan Abu Hanifa ham o‘zlarini tanqid qilishlarini ijobiy sanab, doim tanqid ortidan keladigan manfaatlarni, o‘zlarining shaxsiyatlarini isloh qilishda tatbiq qiladilar.
Alloh taolo aytadi: “إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ ۚ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ” “Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor Zotdir.”
Abu Hanifa sheʼriyatga ham qiziqadilar va baʼzi-baʼzida sher ham yozib turadilar. Klassik shoirlardan bo‘lgan Saʼdiy Sheroziy, Xo‘janazar Huvaydo va Alisher Navoiy sherlarini o‘qib mutolaa qilishni yaxshi ko‘radilar. Tibbiyot va Islom mavzulardagi kitoblarni ham qiziqib o’qiydilar. Tibbiyot sohasida bir muddat o‘qiganlar va hozirda aynan tibbiyot kasbiga moyil bo‘lgan ishda ishlab keladilar
Ustozimiz Abu Hanifa sheʼriyatdan tashqari sportning Basketbol, Tennis va Futbol turlariga ham qiziqadilar.
Mana shu Ustozimiz Abu Hanifaning qisqacha tarjimai hollari. Barchamizga Alloh Taolodan panoh so‘raymiz. Bizlarni to‘g‘ri yo‘lga doim hidoyat qilib, jannatlarida diydoriga musharraf aylasin